06.08.2025
21:40

1.1. Oliy ta’lim muassasalarida innovasion faoliyatni boshqarishdagi ilmiy yondoshuvlar

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va «Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunlari asosida jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk, yuksak intellektual salohiyat, zamonaviy bilimlarga ega, mustaqil fikrlaydigan, kelajakka ishonch bilan qaraydigan barkamol avlodni tarbiyalash uchun jahon amaliyotida o‘xshashi bo‘lmagan ta’limning milliy modeliga asos solingan.
Intellektual rivojlangan va raqobatbardosh yoshlarni uzviylik va uzluksizlik tamoyillari asosida tarbiyalash maqsadida barcha ta’lim turlari kabi oliy ta’lim tizimining ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha davlat ta’lim standartlari, malaka talablari, o‘quv reja, o‘quv fan dasturlari hamda o‘quv adabiyotlarining yangi avlodi ishlab chiqilib amaliyotga joriy etildi.
Xalqaro tashkilotlar hamda dunyoning aksariyat mamlakatlari tomonidan 2030 yilgacha belgilangan yangi ta’lim konsepsiyasida «Ta’lim sifatini baholash jarayoni va vositalarini takomillashtirish, erishilgan natijalarni aniqlash imkonini beruvchi mexanizmlarni amaliyotga joriy etish» dolzarb vazifa qilib qo‘yilmoqda».
Oliy ta’lim muassasalarida tizimli ravishda ta’lim sifati va unga ta’sir etgan omillarni baholash: «Davlat va jamiyat kadrlar tayyorlash tizimini uzluksiz rivojlantirish va takomillashtirish kafili bo‘lishi zarur. Ular yuqori malakali, raqobatga qodir mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ta’lim muassasalarining faoliyatini uyg‘unlashtirishi lozim”ligi borasidaga o‘ta muhim vazifalar bilan belgilangan.
Oliy ta’lim muassasalari tomonidan ta’lim-tarbiya sifatining holati, uning monitoringi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda xolis baholansa, ta’lim sifatiga salbiy ta’sir etgan omillar o‘z vaqtida korreksiyalanib, istiqbolga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirilsa, ta’lim sifatining kadrlar tayyorlashga nisbatan xalqaro talablarga muvofiqligi ta’minlanadi.
Oliy ta’lim muassasalarida  ta’lim sifatini boshqarishga innovasion yondashuvlarning asosiy parametrlari quyidagilardan iborat:
bitiruvchilarning mehnat bozorida raqobatbardoshligini oshirish uchun ta’lim sifatining yuqori darajasini ta’minlash;
ta’lim jarayonini optimallashtirish va yangi texnologiyalarni qo‘llash orqali ta’lim xarajatlarini kamaytirish;
ta’lim jarayonini boshqarish sifatini oshirish va pedagoglar faoliyati samaradorligini oshirish;
talabalarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish uchun sharoit yaratish va eng yaxshi bitiruvchilarni universitetga jalb etish;
oliy ta’lim muassasalarida innovasion madaniyatni rivojlantirish va ilmiy va innovasion loyihalarni amalga oshirish uchun sharoit yaratish;
oliy ta’lim muassasalarining ijtimoiy mas’uliyatini ta’minlash uchun o‘quv jarayoni boshqarishda va o‘quv dasturlarini ishlab chiqishda shaffoflik va oshkoralikni oshirish.
Innovasion yondashuvlarning asosiy maqsadi ta’lim sifatini oshirish, uning samaradorligini oshirish hamda mehnat bozori va butun jamiyatning o‘zgaruvchan ehtiyojlariga moslashishdan iborat. Bu maqsadlarga erishish uchun yangi texnologiyalar, metodlar va boshqaruv vositalaridan foydalanish, shuningdek, o‘quv dasturlari va o‘qitish usullarini doimiy ravishda takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ta’lim mazmunini doimiy ravishda isloh qilish, tayyorlanayotgan kadrlar sifatining respublikada amalga oshirilayotgan chuqur iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar shuningdek, ta’lim, fan, texnika va texnologiyalar rivojlanishining ilg‘or jahon talablari darajasiga muvofiqligini ta’minlash jamiyatning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Innovasion yondashuv - bu an’anaviylardan farq qiladigan yangi va o‘ziga xos g‘oyalar, usullar, texnologiyalar, jarayonlar yoki mahsulotlarni qo‘llashga asoslangan muammolarni hal qilishga yo‘naltirilgan yondashuvdir. U turli sohalarda, jumladan, ta’lim sohasida sifat, samaradorlik va raqobatbardoshlikni oshirishga qaratilgan bo‘lishi lozim.
Universitetlarda ta’lim sifatini boshqarish sharoitida innovasion yondashuv mehnat bozori va butun jamiyatning zamonaviy talablariga javob beradigan yangi uslub va texnologiyalardan foydalanishni nazarda tutadi. Bu masofaviy ta’lim, interfaol o‘quv materiallaridan foydalanish, zamonaviy o‘quv laboratoriyalarini yaratish, talabalar bilimini baholashning yangi usullarini qo‘llash va boshqalarni o‘z ichiga olishi mumkin.
Innovasion yondashuv talabalarning ijodiy salohiyatini, innovasion faolligini va jamoada ishlash qobiliyatini rivojlantirish uchun sharoit yaratishni ham o‘z ichiga oladi. Bunga innovasion loyihalar yaratish, ish beruvchilar bilan hamkorlik qilish va talabalarni ilmiy-tadqiqot ishlariga jalb etish orqali erishish mumkin.
Oliy o‘quv yurtlarida ta’lim sifatini boshqarishga innovasion yondashuv bitiruvchilarning samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirishga, shuningdek, universitetda innovasion madaniyatni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Ta’lim tizimini boshqarishga doir o‘ziga xos maktab yaratgan pedagog olim S.Turg‘unovning fikricha, innovatsiya – maqsadga yo‘naltirilgan o‘zgartirishlar bo‘lib, ma’lum bir ijtimoiy birlikka – muassasa, uyushma, jamoa va guruhlarga yangi, nisbatan barqaror bo‘lgan elementlarni, umumiy holda halqning ma’naviy-madaniy munosabatlari va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan yangiliklarni kiritishdir[1].
Pedagogika kollejlarida innovasion jarayonlarni tizimli boshqarish muammosi bilan bog‘liqlikda tadqiqot ishini olib borgan Sh.Zufarov tomonidan “innovatsiya” tushunchasiga quyidagicha ta’rif berilgan: “Innovatsiya” tushunchasi mazmunan “yangi”, “yangilik” tushunchalarining aynan o‘zi emas. Istalgan yangilik, qachonki, amaliy faoliyatda o‘zining keng qamrovli samarasini bersa va keng ko‘lamli ehtiyoj ob’yektiga aylansagina, tom ma’nodagi innovatsiya deb atash mumkin bo‘ladi[2].
Bo‘lajak matematika o‘qituvchisini innovasion faoliyatga tayyorlash nazariyasi va amaliyotini fundamental asosda tadqiq etgan Z.Yusupova tomonidan “innovatsiya” tushunchasiga “maqsadga qaratilgan o‘zgarish bo‘lib, qo‘llanilish sohasidagi tizimni bir holatdan sifat jihatdan yangi holatga o‘tkazish, uni tubdan takomillashtirish” tarzida ta’rif berilgan[3].
Yuqoridagi ta’riflarning har biri o‘ziga xos mazmunga ega bo‘lsa-da, biroq mazkur tushunchaning takomillashgan ta’rifini shakllantirish ehtiyoji mavjud. Ana shu asosdan kelib chiqqan holda, biz “innovatsiya” tushunchasining quyidagi umumlashgan ta’rifini berdik: “Innovatsiya – ob’yekt va sub’yekt faoliyatida sifat o‘zgarishlarini ta’minlovchi, keng ommalashgan va yuqori samaradorlikka ega, an’anaviylik va istiqbol o‘rtasida “ko‘prik” vazifasini bajaruvchi, tizimli, uzviy va uzluksiz tarzda yangilik kiritishdir”.  
Pedagogik innovatsiyalar deganda, pedagogik yangiliklarni o‘rganish, o‘zlashtirish, ularni baholash, foydalanish va amaliyotga tatbiq etish tushuniladi. O‘z navbatida pedagogik innovatsiyalarning bir nechta turlari mavjud: modifisiyalashgan, tuzatish kirituvchi, o‘zgartirish kirituvchi, lokal, modulli, tizimli va boshqalar. Biroq pedagogik innovatsiyalarning ko‘proq umumlashgan tasnifi o‘zida quyidagi ko‘rinishni aks ettiradi:
ta’lim va tarbiya maqsadi va vazifalari hamda mazmuniga doir innovatsiyalar;
o‘quv-tarbiya jarayoni metodlari, metodikasi va texnologiyasiga doir innovatsiyalar;
o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etishga doir innovatsiyalar.
Pedagogik innovatsiyalar keng qamrovli ko‘rinishga ega bo‘lib, ularning umumiy tomonidan qabul qilingan aniq tipologiyasi yoki tasnifi mavjud emas. Innovatsiyalarni guruhlashtirishga doir yigirmadan ortiq tasnif mavjud, jumladan uzoq muddatli innovatsiyalar va qisqa muddatli innovatsiyalar, radikal va reformatorli, avtoritar va liberal, inisiativ va administrativ va boshqalar.
S.Turg‘unovning fikricha, pedagogik jarayonlarni tashkil etish va boshqarishda innovasion salohiyatiga ko‘ra yangiliklar modernizatsiya, unifikatsiya, faoliyatni takomillashtirish, shaklan o‘zgartirish, rivojlantirish bilan bog‘liq bo‘lgan modifikasion innovatsiyalardir, shuningdek oldindan ma’lum bo‘lgan metodlarning elementlarini yangi tizimga birikishini nazarda tutuvchi birikkan innovatsiyalar hamda  o‘xshashlikka va umumiylikka ega bo‘lmagan radikal innovatsiyalar innovasion jarayonlarning asosi sifatida belgilanishi mumkin[4].
Innovatsiyalarning xususiyatlariga ko‘ra ularni turli xil asoslar bilan turlicha tasniflash mumkin, ya’ni bugungi kunda yangilik kiritishning tugallangan tasnifi mavjud emas. Shu bilan birgalikda, bizning tadqiqotlarimiz doirasida aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, pedagogik jarayonlarni tashkil etishda va samaradorligini ta’minlashda eng avvalo, yangiliklarni pedagogik jarayonlarning qaysi bo‘g‘iniga tegishli ekanligini inobatga olish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
M.V.Klarin ta’limga innovasion yondashuvning ikkita turini ajratib ko‘rsatadi. Birinchisi, o‘quv jarayonining an’anaviy reproduktiv yo‘nalganligi doirasida kafolatlangan natijalarni qo‘lga kiritishga yo‘naltirilgan modernizatsiyalashgan innovatsiyalar. Ikkinchisi an’naviy o‘quv jarayonini qayta tashkillashtirishga yo‘naltirilgan transformatsiyalangan innovatsiyalar. Olim birinchi yondashuvni texnologik, ikkinchisini tadqiqotchilikka doir yondashuv deb nomlaydi[5].
V.P.Bespalko  ta’lim sohasidagi innovatsiyalarni ularning yuzaga
kelish tavsifiga ko‘ra quyidagi ikki guruhga bo‘ladi[6]:
birinchi guruh innovasion jarayonning barcha shart-sharoitlar tizimi, vosita va yo‘llarini to‘liq anglamagan holda yuzaga keluvchi innovatsiyalar. Bunday turdagi innovatsiyalarni empirik innovatsiyalar deb nomlash mumkin, bunda pedagog innovatsiyaga o‘zining noan’anaviy tajribasi orqali boradi, tashkiliy qismi esa, stixiyali tarzda amalga oshadi;
 ikkinchi guruh ongli va maqsadga yo‘naltirilgan faoliyat natijasi sifatida yuzaga keluvchi innovatsiyalar. Bunday turdagi innovatsiyalarni ilmiy tashkillashtirilgan innovatsiyalar deb atash mumkin.
Mazkur innovatsiya birinchi turdagi innovatsiyadan o‘zining nazariy asoslanganligi, natijalarning aniq ahamiyatga egaligi va keng ommalashganligi bilan yuqori turadi.
O.G.Xomeriki o‘quv-tarbiya jarayonining u yoki bu tarkibiy qismi bilan bog‘liqlikda innovatsiyalarni quyidagi turlarga ajratib ko‘rsatadi:
ta’lim mazmuniga doir innovatsiyalar;
o‘quv-tarbiya jarayoni metodlari, metodikasi va texnologiyasiga doir innovatsiyalar;
o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil etishga doir innovatsiyalar;
ta’lim tizimini boshqarishga doir innovatsiyalar[7].
 V.S.Lazarev ta’limda qo‘llanilish ko‘lamiga ko‘ra innovatsiyalarni quyidagi turlarga ajratib ko‘rsatadi:
lokal, alohida, o‘zaro bog‘lanmagan xususiy innovatsiyalar;
o‘zaro bog‘langan, xususiy innovatsiyalar majmuini ifoda etuvchi modulli innovatsiyalar;
butun ta’lim muassasasini qamrab oluvchi tizimli innovatsiyalar[8].
          Pedagogik innovatsiyalarni yuqorida bayon etib o‘tilgan tasniflariga asoslangan holda, B.Xodjayev va Sh.Zufarovlar tasnifi  bo‘yicha pedagogik ta’lim jarayonlarida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan pedagogik innovatsiyalarning quyidagi umumlashgan tizimini hosil qilish mumkin[9]:
1. Ishlab chiqarish munosabatlarining chuqurlashuvi bilan bog‘liqlikda innovatsiyalarni quyidagi turlarga ajratib ko‘rsatish mumkin:
modifisiyalashgan innovatsiyalar. Masalan, “elektron guruh
jurnallari”, “elektron dekanat”;
          tuzatish kirituvchi innovatsiyalar. Masalan, “yangi tahrirdagi reyting Nizomi”;
          o‘zgartirish kirituvchi innovatsiyalar. Masalan, “internet-ta’lim”;
          integrallashgan innovatsiyalar. Masalan, “shaxsga yo‘naltirilgan masofaviy ta’lim texnologiyalari”.
2. Ta’lim jarayonining tarkibiy qismlariga munosabatiga ko‘ra pedagogik innovatsiyalarni quyidagi guruhlarga bo‘lish mumkin:
           ta’lim maqsadi va vazifalari bilan bog‘liq pedagogik innovatsiyalar. Masalan, “identiv o‘quv maqsadlarini o‘quv vazifalariga aylantirish”;
           ta’lim va tarbiya mazmuni bilan bog‘liq innovatsiyalar.
Masalan, “ta’lim mazmunini integratsiyalash va differensiyalashtirish”;
           ta’limning shakl, metod, vosita va texnologiyalari bilan bog‘liq innovatsiyalar.Masalan, noana’naviy dars shakllari, interfaol metodlar;
           ta’lim olganlikni tashxis etish bilan bog‘liq innovatsiyalar. Masalan, o‘quv portfoliolari;
3. Ta’lim sub’yektlarining shaxs shakllanishiga munosabatiga ko‘ra pedagogik innovatsiyalar quyidagi guruhlarga bo‘linadi:                                                                                                                
               pedagog va o‘qituvchilarning ma’lum bir qobiliyatlarini rivojlantirishga doir innovatsiyalar. Masalan, birgalikdagi hamkorlikdagi faoliyatni rivojlantirish;
               pedagog va o‘quvchilarning BKM, faoliyat usullari, kompetentligini rivojlantirishga doir innovatsiyalar.
4. Pedagogik qo‘llanilish sohasiga ko‘ra pedagogik innovatsiyalar quyidagi turlarga bo‘linadi:
               o‘quv jarayonida qo‘llaniladigan pedagogik innovatsiyalar. Masalan, ta’limning axborot texnologiyalari;
               o‘quv kursida qo‘llaniladigan pedagogik innovatsiyalar. Masalan, elektron xarita;
               ta’lim sohasida qo‘llaniladigan pedagogik innovatsiyalar. Masalan, ta’limni demokratlashtirish;
               ta’limni boshqarish sohasida qo‘llaniladigan innovatsiyalar. Masalan, ta’limning davlat boshqaruvidan davlat-jamoatchilik boshqaruviga o‘tilishi. 
5. Pedagogik jarayon ishtirokchilarining o‘zaro harakat turiga ko‘ra pedagogik innovatsiyalar quyidagi guruhlarga bo‘linadi:
      jamoada o‘qitishga doir innovatsiyalar;
      guruhli o‘qitishga doir innovatsiyalar;
      tyutorlik;
      fasilitatorlik;
      repetitorlik.
6. Funksional imkoniyatlariga ko‘ra pedagogik innovatsiyalar quyidagi turlarga bo‘linadi:
           shart-sharoit bilan bog‘liq, ta’limiy muhitni o‘zgartirishni ta’minlaydigan  innovatsiyalar;
           mahsulot ko‘rinishidagi innovatsiyalar;
boshqaruvga doir yangiliklar kiritish.
7. Amalga oshirish usullariga ko‘ra pedagogik innovatsiyalar quyidagi turlarga bo‘linadi:
rejali pedagogik innovatsiyalar;
tizimli pedagogik innovatsiyalar;
davriy pedagogik innovatsiyalar;
stixiyali pedagogik innovatsiyalar;
tasodifiy pedagogik innovatsiyalar;
o‘z-o‘zidan yuzaga keluvchi pedagogik innovatsiyalar.
8. Makonga yo‘nalganligiga ko‘ra pedagogik innovatsiyalar quyidagi turlarga bo‘linadi:
alohida pedagog faoliyatiga doir pedagogik innovatsiyalar;
pedagoglarning metodik birlashmasiga doir pedagogik innovatsiyalar;
alohida ta’lim muassasasi faoliyatiga doir innovatsiyalar;
tuman, shahar, viloyat, respublika miqyosidagi pedagogik innovatsiyalar;
xalqaro miqyosdagi pedagogik innovatsiyalar.
9. Ijtimoiy-pedagogik ahamiyatiga ko‘ra pedagogik innovatsiyalar quyidagi turlarga bo‘linadi:
alohida ta’lim muassasalariga doir pedagogik innovatsiyalar;
          aniq kasbiy-tipologik guruh pedagoglariga xos pedagogik innovatsiyalar.
10. Novatorlik tadbirlari ko‘lamiga ko‘ra pedagogik innovatsiyalar quyidagi turlarga bo‘linadi: lokal; ommaviy; global.
Xodjayev B.X. ta’lim-tarbiya jarayonini texnologik jarayon sifatida qarab, joriy etiladigan yangiliklarni bu jarayonning asosiy komponentlari – ta’lim  maqsadi, ta’lim mazmuni, o‘qitish metodi, o‘qitish vositasi, ta’lim natijasi asosida guruhlashni taklif etgan[10].
1.Ta’lim maqsadi bilan bog‘liq pedagogik innovatsiyalar: modernizatsiyalashgan ta’limiy, tarbiyaviy, rivojlantiruvchi – kasbga  yo‘naltirish, to‘ldirish, insonparvarlashtirish, tabaqalashtirish, integrallash, indiviudallashtirish va boshqa maqsadlarga ko‘ra innovatsiyalar.
2. Ta’lim mazmuni bilan bog‘liq pedagogik innovatsiyalar:
miqyosiga ko‘ra – uzluksiz ta’limda, alohida ta’lim turida, ayrim fanda, bobda, mavzuda, mavzu materialining ayrim qismida;
darajasiga ko‘ra – takomillashtirish, tubdan o‘zgartirish, o‘zidan oldingisiga nisbatan – yangi dastur, dasturni takomillashtiruvchi, o‘quv materialini to‘ldiruvchi; paydo bo‘lishiga ko‘ra – me’yoriy hujjatlar o‘zgarishi asosida rejali, oldindan o‘ylangan, ichki va tashqi innovatsiyalar.
3. O‘qitish metodi bilan bog‘liq pedagogik innovatsiyalar:
miqyosiga ko‘ra – uzluksiz ta’limda, alohida ta’lim turida, ayrim fanda, bobda, mavzuda, o‘quv mashg‘uloti shakli va turida;
darajasiga ko‘ra – takomillashtirish, ko‘rinishini o‘zgartirish, ma’lum uslubiyot elementlarini yangicha talqinda ishlab chiqish;
o‘zidan oldingisiga nisbatan – yangi, takomillashtiruvchi, o‘rnini almashtiruvchi, to‘ldiruvchi, retro;
paydo bo‘lishiga ko‘ra – rejali, oldindan o‘ylangan, tasodifiy, yangi talablar asosida, ichki va tashqi innovatsiyalar.
4. O‘qitish vositasi bilan bog‘liq pedagogik innovatsiyalar:
miqyosiga ko‘ra – ommaviy, yakka, kompleks, tizimli, uzluksiz ta’limda, alohida ta’lim turida, ayrim fanda, o‘quv materialining ayrim qismida, o‘quv mashg‘uloti shakli, turi, ayrim bosqichida;
 o‘zidan oldingisiga nisbatan – yangi texnika, texnologiya, eskisini almashtiruvchi, o‘rnini almashtiruvchi, retro;
darajasiga ko‘ra – modernizatsiyalashgan, ma’lum vosita elementlari yangicha talqinda ishlab chiqilgan, tubdan o‘zgartirilgan;
paydo bo‘lishiga ko‘ra – rejali, oldingan o‘ylangan, tasodifiy, ichki, tashqi, texnika rivoji ta’sirida yuzaga keladigan innovatsiyalar.
5. Ta’lim natijasi bilan bog‘liq pedagogik innovatsiyalar:
o‘qituvchi faoliyatida – novator o‘qituvchi;
o‘quvchi faoliyatida – mustaqil fikrlovchi, aniq maqsadga intiluvchi, ta’lim jarayoniining faol sub’yekti.
Yuqoridagi keltirilgan tasniflarga asoslanib, aytishimiz mumkinki, ta’lim tizimidagi innovatsiyalar:
maqsad, mazmun, metod va texnologiya, ta’limni tashkil etish shakli, boshqaruv tizimi;
pedagogik faoliyat va o‘quv-bilish jarayonini tashkil etish uslubi;
nazorat va ta’lim olganlik darajasini baholash tizimi;
ta’limni moliyalashtirish tizimi;
o‘quv-metodik ta’minot;
tarbiyaviy ishlar tizimi;
o‘quv reja va o‘quv dasturlari;
professor-o‘qituvchi va talaba, ta’lim beruvchi va ta’lim oluvchilar faoliyatidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq ravishda yuzaga kelmoqda.
Pedagogik innovatsiyalar o‘z navbatida ta’lim jarayonini tashkil etish parametrlarining o‘zgarishiga olib kelmoqda. Birinchidan, zamonaviy ta’lim doimiy ravishda fan va texnologiya rivoji bilan bog‘liqlikda, ta’lim maqsadi, mazmuni, shakl, metod va vositalarining yangilanib borishini talab qilayotgan bo‘lsa, ikkinchidan, ta’lim muassasalari variativligining qiyosiy modellarining ko‘rsatkichlari ham murakkablashib bormoqda.
          Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, innovatsiya maqsadga yo‘naltirilgan tashkiliy o‘zgarishlarni izlashga yo‘naltirilgan bo‘lib, tashkilotning muvaffaqiyatli faoliyati garovi hisoblanadi. Innovatsiya amalga oshirilishi natijasida inson resurslaridan, moliyaviy resurslardan foydalanish, ishbilarmonlik jarayonlarini boshqarish samaradorligi, mahsulot va xizmatlar raqobatbardoshligi ortadi .
          Shuningdek, ayrim kishilar innovatsiyani ham, ixtiro kabi asosan texnika sohasida, ya’ni texnik, tabiiy va aniq fanlar sohasida bo‘ladi, degan noto‘g‘ri tasavvurga ega bo‘lishadi. Ammo ta’lim sohasida innovatsiyalar – bu birinchi navbatda, yangi ijtimoiy amaliyot shakllanadigan innovasion tafakkurning paydo bo‘lishi uchun baza hisoblanadi. Uning yordamida yangi ijtimoiy amaliyot shakllanadi.
          Innovatsiyasiz ilm bo‘lmaydi, lekin innovatsiyani joriy etish istiqboli hamisha ham aniq bo‘lmagan murakkab jarayon hisoblanadi. Zamonaviy innovasion iqtisodiyot xizmatlar va texnologiyalarning ustunligini tavsiflaydi. Innovatsiyalarning butun xizmatlar sohasiga, shu jumladan, axborotlar sohasiga o‘tkazilishi yuqori darajada industrlashgan jamiyatning vujudga kelishida iqtisodiy rivojlanish darajasiga, aholi turmush darajasi, iqtisodiy o‘sish sifati, dinamikasi va turiga ta’sir ko‘rsatadaigan uzluksiz tarkibiy siljishlarning maqsadidan dalolat beradi.


[3] З.А.Юсупова.Бошланғич синфларда масалаларни чизма ёрдамида ечишга ўргатиш. Таълим тизимида инновация, интеграция ва инги технологиялар. YI Республика илмий-амалий анжумани материаллари, Наманган, 2021й. – 273б.
[4] С.Т.Турғунов. Умумий ўрта таълим муассасалари директорлари бошқарув фаолиятининг назарий асослари. Монография. Ўзбекистон Республикаси Фанлар академияси “Фан” нашриёти. 200й. -200б.
[5] М.В.Кларин.Инновационные модели обучения: Исследование мирового опыта. -М.: Луч,  2016г. – 632с.
[6]Беспалько В.П. Образование и обучение с участием компьютеров (педагогика третьего тысячелетия) - М.: Изд-во Моск.псиxол. - социал. ин-та; Воронеж : МОДЭК, 2002. - 352 С.
[7] О.Г.Хомерики . Информационная поддержка инновационных процессов в образовании: прошлое, настоящее, будущее. Научно-практический журнал «Мир», июнь-август 2011г.
[8] В.С.Лазарев . Инноватика в школе : учебное пособие для системы высшего педагогического образования и повышения квалификации работников образования. Екатеринбург, Сургут. Гуманитарный ун-т, 2011г. -159с.
[9] Б.Ходжаев. Модернизациялашган дидактик таъминот воситасида умумтаълим мактаблари ўқувчиларида тарихий тафаккурни ривожлантириш. «Идея, идеология, Педагогика, Наука и образование», Фан ва технология нашриёти, 2015й. -288б.  Ш.М.Зуфаров. Педагогик инноватика. Ўқув қўлланма.Низомий номидаги Тошкент педагогика университети нашриёти. 2013й.
[10] Ходжаев Б.Х. Янги ренессанс педагогикасининг айрим методологик масалалари. « Инновация, интеграция и новые технологии в системе образования». Материалы VI Республиканской научно-практической конференции. "Яшин саноат" хусусий корхона босмахонаси, Наманган шахри, 2021й.