1.3. OTMlarda innovasion faoliyatni boshqarishda rivojlangan mamlakatlar tajribalari va ijobiy tomonlarini qo‘llash usullari
Innovasion faoliyat
mamlakatlarning iqtisodiy o‘sishi va rivojlanishining asosiy omillaridan
biridir. Zamonaviy dunyoda innovasion texnologiyalar, mahsulot va xizmatlar
jahon bozorida raqobatbardoshlikning asosi hisoblanadi. Rivojlangan mamlakatlar
muvaffaqiyatli innovasion siyosati tufayli bu sohada yetakchilik qilmoqda, bu
esa ularni raqobatchilardan oldinda ushlab turadi.
AQSHda innovatsiyalar sektori
iqtisodiyotda asosiy rol o‘ynaydi. Mamlakatda innovasion faoliyat tufayli
yuqori natijalarga erishgan dunyoda taniqli kompaniyalar ko‘p. Masalan, Amazon,
Apple, Google, Fasebook va boshqalar. AQSH hukumati yangi texnologiyalarni
tadqiq qilish va ishlab chiqish uchun katta mablag‘lar ajratish orqali
innovatsiyalarni faol qo‘llab-quvvatlaydi.
Yaponiya ham dunyodagi eng
innovasion mamlakatlardan biridir. U nanotexnologiya,
robototexnika va boshqa ko‘plab sohalarni rivojlantirdi. Yaponiya tadqiqot va
ishlanmalarga sarmoya kiritishda, kichik va o‘rta korxonalarni
qo‘llab-quvvatlashda ayniqsa faol.
Yevropa davlatlari ham
innovatsiyalarni rivojlantirishda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishmoqda.
Masalan, Shvesiya innovatsiyalar indeksi bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda
turadi. Mamlakatda innovatsiyalar va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash,
shuningdek, kichik va o‘rta biznesni moliyalashtirishdan keng foydalanish
imkonini yaratishga qaratilgan siyosat faol amalga oshirilmoqda .
Yevropada oliy ta’lim va
fanni isloh qilinishining maqsad va vazifalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkita asosiy
hujjat – Bolonya deklaratsiyasi va Lissabon konvensiyasi orqali amalga
oshiriladi.
Ushbu me’yoriy-huquqiy
hujjatlar asosida shunga mos holda Bolonya jarayoni va Lissabon strategiyasi
ishlab chiqilgan. Islohotning ushbu ikki konsepsiyasi maqsadi oliy ta’lim
sifatini doimiy yaxshilashga, mehnat bozorida bitiruvchilarning
raqobatbardoshligini oshirishga, ta’lim sifati va amaliy ta’lim xizmatini
samarali biriktirishga qaratilgan, umumiy fundamental tamoyillarga asoslangan,
birlashgan Yevropa oliy ta’lim hamjamiyatini yaratishdan iborat.
Lissabon konvensiyasida
asosan Yevropada ta’limning davri, kompetensiyasi, malakalariga qo‘yilgan
talablar, ta’lim sifati, uni umumiy talablarga javob berishi, nazorati,
jarayonni amalga oshirish va natijalarini tan olish kabi masalalarda hududiy
birlashish kelishilgan.
Bolonya deklaratsiyasida
Yevropa OTMlarida kadrlar tayyorlash, uni ta’lim tizimida birlashtirishga
yordam berish hamda ta’lim va fanga oid raqobatbardoshlikni oshirish maqsadida
quyidagi vazifalar qayd etilgan :
ikki bosqichli ta’limni joriy
etish;
kredit tizimini joriy etish
va uni tan olish;
safarbarlik va mobillikni
kengaytirish;
bitiruvchilarning ish bilan
ta’minlanishini yaxshilash;
Yevropa ta’lim tizimi
sifatini ta’minlash;
aspiranturani oliy ta’limning
umumiy tizimiga kiritish;
oliy ta’limda “Yevropa
o‘lchovlari”ni shakllantirish;
Yevropa oliy ta’limini
raqobatbardoshligini va sifatini oshirish;
oliy ta’limning ijtimoiy
rolini oshirish, uning ommabopligi, qo‘shimcha ta’lim tizimini rivojlantirish;
Yevropada bilimlarga
asoslangan jamiyatni shakllantirishda Yevropa oliy ta’lim va Yevropa
ilmiy-tadqiqot hamjamiyatlarini birlashtirish. Yuqorida keltirilgan vazifalarni
amalga oshirish maqsadida quyidagi bosqich va vositalar ishlab chiqilgan:
tushunish va solishtirishga qulay hamda mos keladigan ilmiy
darajalar tizimini joriy etish;
oliy ta’limga uch bosqichli
ilmiy daraja tizimini kiritish;
diplom ilovasini tadbiq
etish;
umumiy sifat mezonlarini
ishlab chiqish.
Yevropada OTMda sifatni
ta’minlash mexanizmi – bu natijaga qaratilgan ta’lim tizimini boshqarishning
asosiy tashkil etuvchi omili bo‘lib hisoblanadi. Mazkur mexanizm diplomlar va
darajalarni solishtirish, hamda raqobatbardoshlikni oshirishni ta’minlaydi.
Yevropa ta’limi tizimida sifatni ta’minlash hisobiga, jahon bozorida
raqobatbardoshlikni oshirishga erishiladi.
Hozirgi vaqtda ko‘plab
Yevropa mamlakatlarida sifatni ta’minlash mexanizmlari ishlab chiqilgan bo‘lib,
tizimda akkreditatsiya va tashqi hisobotlarni formal mexanizmini amalga
oshirish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bir qator omillar ta’sirida amalga oshadi :
ta’lim xizmatlarini
ko‘rsatish va iqtisodiy sohalarda globalizatsiya va raqobatning o‘sishi;
OTMni “ommaviylashuvi” – kengayishini hisobga olgan holda, aniq standart
talablarining ko‘yilish ehtiyoji;
OTMlar faoliyatining maqsadi, vazifalari va kutilayotgan
natijalarini aniqlashda ish beruvchilar – korxonalarning faol ishtiroki va qiziqishi;
Oliy ta’limga davlat sarf-harajatlarining qisqartirilishi bilan bir
vaqtda, bu maqsadlarda jamoatchilik sarf-harajatlari samaradorligiga talabning
ortishi;
OTMlar faoliyati “shaffofligi” va ularning o‘z faoliyatlari
natijalari bo‘yicha jamiyatga hisobot berishi;
talabalar va professor-o‘qituvchilar tarkibi mobilligini
kuchaytirish;
nodavlat sektorning OTMdagi faolligi.
Birinchilardan bo‘lib,
sifatni rasmiy baholashni Yevropa davlatlaridan Buyuk Britaniya, Fransiya va
Niderlandiya davlatlari boshlab berdilar. 1998 yilda ta’lim bo‘yicha Yevropa
Ittifoqi Kengashi OTMda sifatni ta’minlash hamda shu yo‘nalishda sifat va hamkorlik
qilishni ta’minlash tizimini tuzish bo‘yicha Yevropa hamkorligi tavsiyalarini
qabul qildi. Shuningdek, Yevropa Komissiyasi OTMda sifatni ta’minlash Yevropa
tarmog‘ini qabul qilishni qo‘llab quvvatladi.
Hozirgi kunda deyarli barcha
Yevropa davlatlari OTMlarida sifatni ta’minlash va nazorat qilishning rasmiy
ta’sis etilgan maxsus tizimlari – agentliklari mavjud. Lekin, ushbu OTMlarda
sifatni ta’minlash va akkreditatsiyalash agentliklarining faoliyatida o‘ziga
xos o‘xshashliklar va farqlar borligini ko‘rsatib o‘tishimiz kerak. Bu farqlar
sifatni boshqarish, baholash uslublari va vositalari, etalon va kriteriylar,
standartlardan foydalanish va boshqalarda bo‘lishiga qaramay, asosiy tendensiya
dasturlarni baholash, ularni akkreditatsiyasi va institusional tekshiruvlarda
sifatni ta’minlashning ichki va tashqi standartlarining mavjudligi bo‘lib
qolmoqda.
Oliy ta’limda sifatni
ta’minlash va uni baholash kadrlar tayyorlash jarayonini eng muhim qismi
bo‘lib, ushbu sohada hamkorlik kutilgan maqsadga muvofiq bo‘lgan natijalarni
beradi. Ushbu qismda OTMda umumiy jarayon – sifatni ta’minlash, uning nazorati,
baholashning ichki va tashqi turlari ko‘rib chiqiladi.
OTMda sifatni ta’minlash
standartlarining o‘z tamoyillari va amalga oshirish tartibi mavjudki, uni
amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan tashkilotlar salohiyati buni ta’minlashni
kafolatlaydi. Bundan tashqari tashqi mustaqil tashkilotlar xulosasi ham
jarayonga ob’yektiv va to‘g‘ri baho berilishini ta’minlaydi. Manfaatdor tomon
sifatida buyurtmachilar vakillari, bo‘lajak kadr sifatida talabalarning ta’lim
jarayoni sifatni nazorati va baholashidagi ishtiroki ta’lim tizimi nazorati va
baholanishini to‘g‘ri va samarali amalga oshirish imkoniyatini beradi. Demak,
sifat monitoringi, ma’lumotlar to‘planishi va tahlili hamda jarayonni to‘g‘ri
tashkil qilish, uni boshqarish va yaxshilash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berish
imkonini yaratadi. Jarayon monitoringi va tahlil natijalarining shaffofligini
ta’minlash ham muhim ahamiyatga ega. Chunki bu turli asossiz mish-mishlarni va
sub’yektiv xulosalarning oldini oladi. Bu kabi baholashlar asosan ichki
baholashni tashkil etadi .
OTMlarni xalqaro darajada
sertifikatsiyalash, uning mohiyati va jarayon xususiyatlari talablari va
natijalari ISO rasmiy hujjatlari va bu haqidagi maqolalarda to‘la tahlil
qilingan
Sifatni ta’minlashning tashqi
nazorati va monitoringi mustaqil, tan olingan va ixtisoslashgan agentliklar
tomonidan amalga oshiriladi. Bunday agentliklar e’tiborini sifatni
ta’minlashning ichki nazorati, monitoringi natijalariga qaratish va jarayon
samaradorligini ta’minlashning boshqa omillarini tekshirish, ularni bajarilish
darajasini baholashga qaratadilar. Masalan, Yevropa Ittifoqi hududida davlatlar
tomonidan tan olingan kompetentli agentliklar mavjud bo‘lib, ularga ta’lim
tizimini, shu qatori OTMda jarayon sifatini nazorat qilish, baholash va
tegishli tavsiyalar berish huquqi beriladi.
Oliy kasbiy ta’lim
faoliyatini boshqarish – bu keng qamrovli ijtimoiy hodisa bo‘lib, ijtimoiy
siyosatning muhim sohalaridan biri hisoblanadi. Ijtimoiy siyosatning eng ko‘zga
tashlanib turadigan muhim vazifalaridan biri esa – bu kishilarning farovon
turmush tarzini ta’minlashdan iborat bo‘lib,
u har bir shaxsning sifatli bilimlarni, yuqori kasbiy mahorat va
ko‘nikmalarni egallagan shaxs sifatida jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini
topishini ko‘zda tutadi .
1917 yilda ta’lim olishga
bo‘lgan huquqni konstitutsiya darajasida mustahkamlagan birinchi davlat Meksika
bo‘ldi. Unda xususan, barcha uchun boshlang‘ich ta’limning bepul bo‘lishi
tizimi joriy etilishi belgilangan.
Fransiya Konstitutsiyasi
preambulasida barcha darajadagi jamoatchilik bepul va dunyoviy ta’limni tashkil
etish davlatning burchi hisoblanishi belgilandi.
Yaponiya Konstitutsiyasi
26-moddasida barcha o‘z qobiliyatiga muvofiq holda, qonunda belgilangan
tartibda ta’lim olishda teng huquqlarga ega deb belgilangan.
Ispaniya Konstitutsiyasi
27-moddasiga ko‘ra, barcha fuqarolar ta’lim olish huquqiga ega. Universitetlar
avtonomiya huquqidan foydalanadilar. Davlat hokimiyati ota-onalarning o‘z
bolalariga ularning diniy va ahloqiy ishonchiga mos keladigan ta’limni berish
huquqlarini kafolatlaydi.
Italiya Konstitutsiyasi
33-34-moddasiga binoan, maktab barcha uchun ochiqdir. Loyiq va qobiliyatli
o‘quvchilar garchand, ular tegishli mablag‘dan mahrum bo‘lsalarda, maktabning
yuqori darajalariga o‘tish huquqiga egadirlar. Respublika ta’lim masalalari bo‘yicha
umumiy normalar o‘rnatadi va barcha darajadagi hamda turdagi davlat
maktablarini ta’sis etadi. Xususiy tashkilot va shaxslar davlat hisobidan
moliyalashtirilmaydigan maktablar va ta’lim institutlarini ta’sis etish
huquqiga ega.
Germaniya Konstitutsiyasi 7, 12-moddalariga
ko‘ra, barcha nemislar o‘zlari uchun ta’lim olish joyini erkin tanlash huquqiga
egadirlar. Barcha maktab ishlari davlat nazorati ostida bo‘ladi, xususiy
maktablar ochish huquqi kafolatlanadi. Davlat maktablarini almashtiruvchi
xususiy maktablar davlat ruxsatini talab qiladi va yerlar qonunlariga
buysunadi. Bolalarni tarbiyalashga vakolatli shaxslar o‘z farzandlarini diniy
ta’limda ishtirok etishini hal qilish huquqiga ega bo‘lib, diniy ta’lim davlat
maktablarida majburiy predmet hisoblanadi.
Gresiya Konstitutsiyasi
16-moddasiga muvofiq,barcha greklar davlat o‘quv muassasalarining barcha
bosqichlarida bepul ta’lim olish huquqiga egadirlar. Oliy ta’lim
muassasalarining xususiy shaxslar tomonidan ta’sis etilishi ta’qiqlanadi. Bepul
oliy ta’lim davlat oliy ta’lim muassasalarida olinadi, ularning o‘qituvchilari
davlat xizmatchilari hisoblanadi hamda lavozimidan xizmat muddati tugaganiga
qadar faqatgina xizmat tartibida ozod etilishi mumkin. Oliy ta’lim muassasalari
o‘zini o‘zi boshqarishdan foydalanadilar, biroq davlat nazorati ostida
bo‘ladilar.
Rossiya Federatsiyasi
Konstitutsiyasi 42-43-moddalariga muvofiq, har bir shaxs ta’lim olish huquqiga
ega. Davlat va munisipal ta’lim muassasalarida va tashkilotlarida maktabgacha,
asosiy umumiy va o‘rta kasbiy ta’lim bepulligi va umumochiqligi kafolatlanadi.
Asosiy umumiy ta’lim majburiy. Ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi
shaxslar bolalar tomonidan asosiy umumiy ta’lim olinishini ta’minlaydilar. Har
bir shaxs davlat yoki munisipal ta’lim muassasasi va tashkilotida tanlov
asosida oliy ta’lim olish huquqiga ega.
AQSH Qonunlar majumasining
20-tituli (“Ta’lim”) Federal normativ-huquqiy hujjatlar Kodeksi 34-tituli bilan
ta’minlanadi, xususan, u akkreditatsiya bo‘yicha agentlik huquqiy maqomini,
federatsiya va shtatlar o‘rtasida kelishuv qoidalarini, shtatlarning oliy
ta’limni moliyalashtirishdagi ishtirokini va boshqa masalalarni tartibga
soladi.
Buyuk Britaniyaning ta’lim
to‘g‘risidagi qonunlarini shartli ravishda maxsus va boshqa qonun hujjatlariga
bo‘lish mumkin. Maxsus qonunlarga, ya’ni asosan ta’lim sohasidagi
munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlarga – “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun
kiradi. Hozirgi vaqtda Angliyada bu ta’lim sohasidagi bosh normativ-huquqiy
hujjat hisoblanadi .
Germaniyada “O‘qish uchun moliyaviy yordam
ko‘rsatish to‘g‘risida”gi Federal qonunga ko‘ra, agar talaba yoki ularning
ota-onalari oziq-ovqat xarajatlarini ko‘tara olmasa, ular moliya yordamini
oladilar. Bu yordamning yarmi stipendiyaga qo‘shib berilsa, ikkinchi yarmi qarz
tariqasida beriladi.
Janubiy Koreyada “Ta’lim
to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, barcha – davlat tasarrufidagi va xususiy oliy
o‘quv yurtlari ta’lim vazirligi va mehnat resurslarini rivojlantirish xizmati
tomonidan boshqariladi. Boshqa masalalar bo‘yicha universitetlar Koreya Universitet
ta’limi kengashi tamoyillariga tayanadi.
Xitoyda ta’lim jarayoni va
uni boshqarish “Xitoy Xalq Respublikasining ta’lim to‘g‘risida”gi, “Xitoy Xalq
Respublikasining majburiy ta’lim olish to‘g‘risida”gi, “Xitoy Xalq
Respublikasining oliy ta’lim to‘g‘risida”gi, “Xitoy Xalq Respublikasining
kasbga yo‘naltirilgan ta’lim to‘g‘risida”gi, “Xitoy Xalq Respublikasining
o‘qituvchilar to‘g‘risida”gi qonunlari, “Xitoy Xalq Respublikasida ilmiy
darajalar to‘g‘risidagi yo‘riqnoma”si bilan boshqarilib, ular bilan bir qatorda
XXR Davlat Kengashi “Nogironlar ta’limi xususida”gi nizom, “Ta’limdagi
muvaffaqiyatlari uchun taqdirlash to‘g‘risida”gi nizom, “O‘qituvchilar mandati
xususida”gi nizom, “Bolalar bog‘chalarini boshqarish haqida”gi nizom va boshqa
(jami 10 ta) turli xil qarorlar asosida amalga oshiriladi.
Janubiy Koreyada oliy ta’lim
OTMlarining quyidagi turlari bo‘yicha namoyon etiladi: universitetlar,
kollejlar, pedagogik institutlar, kunduzgi va sirtqi universitetlar. Koreya
OTMlari, shuningdek, davlat va xususiyga bo‘linadi:
Janubiy Koreya oliy ta’lim
tizimida bakalavr darajasi - 4 yil o‘qigandan keyin, tibbiyot fakultetlari
uchun - 6 yil; magistr darajasi-magistraturada o‘qish 2 yil; doktorlik darajasi
- 4 yil o‘qish va tadqiqot ishlarini olib borish, hamda bitiruv imtihonlari va
dissertatsiya himoyasidan keyin fan doktori darajasi beriladi. Xorijiy
talabalardan OTMlarga kirishi uchun o‘rta ma’lumot to‘g‘risidagi attestat va
ingliz tilini bilish to‘g‘risidagi xalqaro sertifikat IELTC (5,5 ball) yoki
TOEFL(500 ball) talab etiladi .
Germaniya oliy ta’lim
tizimining asosiy tamoyili - bu “akademik erkinlik”-tizimi, ya’ni har bir
talabaning o‘zi diplomiga kiradigan, hohlagan predmetlarni mustaqil tanlash
erkinligining mavjudligidir. Universitetlarda har bir semestrda ma’ruzalar
14-20 haftadan va ma’ruzasiz haftalarda talaba mustaqil ilmiy tadqiqot bilan
shug‘ullanadi.
Germaniya OTMlariga qabul
yiliga 2 marotaba, bahorda yozgi semestrdan oldin va kuzda qishki semestrdan
oldin bo‘lib o‘tadi. Abituriyentlar oliy o‘quv yurtlariga kirishdan oldin
tanlov asosida pulli tayyorlov kurslariga qatnashishlari mumkin. Germaniya abituriyentlaridan
farqli o‘laroq, xorijliklar OTMlariga kirishida nemis tilidan majburiy imtihon
topshirishlari zarur. Xorijiy talabalar jami talabalarning 12 foizni tashkil
etadi.
Germaniya o‘z milliy oliy
ta’lim tizimini ancha ehtiyotkorlik bilan isloh qilmoqda. 1998 yilgi «Oliy
ta’lim to‘g‘risida»gi Qonunda Boloniya deklaratsiyasini amalga oshirish uchun
zaruriy talablar minimumi mustahkamlandi, ularga milliy ta’lim tizimini to‘ldiruvchi
talablar maqomi berildi. Shu tariqa Germaniya oliy o‘quv yurtlariga talabalar
tayyorlash shaklini tanlash huquqi berildi, ya’ni ular bakalavrlar va
magistrlar tayyorlashning klassik yoki yangi Yevropacha variantini tanlash
imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ikkinchi variant uchun qonun hujjatlarida dasturlar
va kurslarni akkreditatsiya qilishning yangi mexanizmlari, shuningdek ta’lim
sifatini baholash yangi tizimi nazarda tutilgan. Qonun yo‘li bilan
mustahkamlangan tashabbuslar ham federal hukumat, ham yerlarning hukumatlari
tomonidan qo‘llab-quvvatlandi, buning natijasi o‘laroq islohotlarni tarkibiy
jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturlar va loyihalar ishlab chiqildi
va amalga oshirilmoqda.
Oliy o‘quv yurtlarida kadrlar
tayyorlash ta’lim tizimini isloh qilishning jahonda tan olingan, tajribada
isbotlangan modellar mavjud. Bular AQSH,
Fransiya, Germaniya va Yaponiya mamlakatlarining modellaridir. Ular, garchi,
umumiy qoida va yo‘nalishlar bo‘yicha bir-biriga yaqin bo‘lsa-da, lekin mavjud
mamlakatlarning hozirgi iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy holati, milliy
xususiyatlari hamda fuqarolarning yashash sharoitidan kelib chiqib, farq
qiladi. Masalan, Yaponiya ta’lim tizimida «Oila» omiliga katta e’tibor
berilgan. Amerika yoki Fransiyada esa mahalliy sharoitdan kelib chiqqan holda,
pullik maktablar joriy etilgan. Lekin, ayrim mamlakatlarda o‘zini oqlagan va
samara bergan modellarni o‘zga davlatlar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab yoki
tatbiq etib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham, rivojlangan mamlakatlar tajribalari
chuqur o‘rganilib, milliy hamda O‘zbekiston respublikasiga xos bo‘lgan
xususiyatlar, sharoitlar inobatga olingan holda, kadrlar tayyorlash tizimining
yangi modeli ishlab chiqildi. Kadrlar tayyorlash milliy modelining asosiy
tarkibiy qismlari: shaxs, davlat va jamiyat, uzluksiz ta’lim, fan va ishlab
chiqarish tizimlari yaxlit ma’rifiy-tarbiyaviy, ijtimoiy-ma’naviy
iyerarxiyasining uzviy mushtarakligidan tashkil topgan.
Bozor iqtisodiyoti sharoitida
ta’lim tizimining samaradorligi uning raqobatbardosh bo‘lishi juda ko‘p
omillarga bog‘liq bo‘lib, ular ichida boshqaruv funksiyalari alohida ahamiyat
kasb etadi. Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqkan holda, Respublikamizda ta’lim
tizimini innovasion boshqarish oldidagi vazifalar quyidagilardan iborat:
ta’lim tizimidagi
islohatlarni ta’lim to‘g‘risidagi va
kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risidagi qonunlarda belgilangan
vazifalar asosida bajarish uchun malakali kadrlarni tayyorlash;
ta’lim tizimini innovasion
boshqarishning nazariy va amaliy asoslarini o‘rganish va amaliyotga tadbiq etish;
ta’lim sohasi boshqaruv
tuzilmasi va boshqaruv bo‘g‘inlaridagi innovasion menejment funksiyalarini
o‘rganish;
jahon oliy ta’limi
tajribalaridan kelib chiqqan holda ularning ilg‘or usullarini innovasion boshqaruv tizimiga joriy etish va
ta’lim tizimini raqobatbardoshligini ta’minlash;
oliy ta’lim tizimi yuqori va
o‘rta bo‘g‘in kadrlarini mehnat bozorida raqobatbardoshligini ta’minlash va
talabga ega bo‘lishini muvofiqlashtirish;
ta’lim tizimi sifatini
halqaro standartlarga mos kelishini belgilaydigan me’zonlarini tahlil qilish va
ular asosida Davlat ta’lim standartlarini zamonaviylashtirish;
ta’lim menejmentini
takomillashtirish asosida kadrlar mobilligi va raqobatbardoshligini oshirishga
yo‘naltirilgan innovasion vazifalarni izchil amalga oshirish.
OTMda har qanday yangilik
kiritishning asosiy maqsadi ta’lim sifatini yaxshilash deb ta’kidlashimiz
mumkin. Zamonaviy ta’lim muhiti an’anaviy va innovasion turdagi pedagogik
jarayonlardan iborat ekanligini hisobga olgan holda, ta’lim xizmatlarida
innovatsiyalarning rivojlanishini
quyidagi besh bosqichga ajratishimiz mumkin:
ta’lim xizmatlarini taqdim etishda ma’lum
turdagi innovatsiyalarni qo‘llash tashabbusi yoki yangiliklarni qo‘llash
zarurati yuzaga chiqadi. Bunda OTM rahbariyati yoki jamiyat ta’lim xizmatlarini
yangi turlariga ehtiyoj sezganda, tashkilotni istiqbolli rejalari tuzilganda
yoki modernizatsiya qilish dasturi asosida 1-bosqich yuzaga keladi.
ikkinchi bosqich nazariy
bo‘lib, u ko‘pincha pedagogik-psixologik tahlil asosida innovatsiyalarni
o‘zlashtirish yoki asoslash asosida boradi. Ushbu bosqich eng qiyin va
ma’suliyatli bo‘lib, aynan shu bosqichda innovatsiyalarni qo‘llash yoki
qo‘llamaslik masalasi hal bo‘ladi. Shu bilan birga bu bosqich qo‘llash
rejalashtirilayotgan innovatsiyalarni axborot ta’minotini ta’minlab beradi.
Aynan shu bosqichdagi muhim qarorlar pedagogik faoliyatga innovatsiyalarni
qo‘llashning muvaffaqqiyatini ta’minlab beradi.
uchinchi bosqich
tashkiliy–amaliy bosqich bo‘lib, unda oliy ta’limda innovatsiyalarni qo‘llash
uchun kerakli tashkiliy va amaliy muhitni shakllantirish va yangilikni qo‘llash
imkonini beradi. Bunda tashkiliy ishlardan ko‘pincha tajriba guruxlari, laboratoriya
va eksperimental xonalar, kerakli
asbob–uskunalar, o‘quv jihozlari va texnika vositalari bilan ta’minlanadi.
to‘rtinchi bosqich tahliliy
bosqich bo‘lib, unda qo‘llanilayotgan yoki tajriba qilinayotgan innovasion
loyixa va model tahlil qilinadi hamda dastlabki natijalar olinadi. Ushbu
bosqichda innovasion jarayon qanday amalga oshayotgani, uni qaysi darajada – bir
fan darajasida, yo‘nalish yoki butun bir OTM o‘quv jarayonida qo‘llash ishlari
aniqlanadi.
beshinchi bosqich tatbiq
etish bosqichi bo‘lib, bu balki tajribaviy bo‘lishi, so‘ng dastlabki
natijalardan so‘ng to‘liq amalga oshirilishi mumkin.
Ushbu bosqichlar
innovatsiyalar samaradorligini va yutug‘ini belgilab beradi hamda quyidagi uchta omillarga bog‘liq bo‘ladi:
innovasion texnologiyalar
qo‘llayotgan ta’lim muassasasining
moddiy-texnik bazasi holatiga;
rahbarlar va pedagoglarning
kvalifikatsiyasi, ularning innovasion moyilligi, yangiliklarga bo‘lgan
munosabati va ijodiy faolligiga;
ta’lim muassasasi jamoasini ma’naviy va
ahloqiy muhitiga.
Innovatsiya uchun asos bo‘lib
xizmat qiluvchi fundamental g‘oya va bilimlarni amalda qo‘llash:
istiqboli bo‘lmaydigan loyihalarni aniqlab olish va to‘g‘ri qaror
qabul qilishga;
innovasion g‘oyani amaliyotga tatbiq etish jarayonini yanada
takomillashtirishga;
yangilikni texnologik
xususiyatlariga, boshqaruv va tashkiliy faoliyat yuritish uchun mas’ul bo‘lgan
tizimlarning tavsifiga moslashtirishga imkon beradi.
Innovasion salohiyatning
moliyaviy resurslari oqilona boshqarishning asosiy vazifalariga:
innovatsiyalarni joriy etish
uchun talab etiladigan moliyaviy resurslarning kelib tushishini ta’minlash;
moliyaviy resurslarning
innovasion jarayonlarga mos holda ta’minlanish sharoitini yaratish;
innovasion jarayonlarning
amalga oshirilishini takomillashtirish;
innovatsiyalarning yaratilishi uchun shart-sharoit yaratib berish
va rag‘batlantirish;
mavjud innovasion tizimning funksional faoliyati va rivojlanishi
bilan bog‘liq turli xil
extiyojlarga mos keladigan innovasion
loyixalarning yaratilishiga
ko‘maklashish;
innovasion loyixalarning
xarajatlarini optimalligi va samaradorligini ta’minlash vazifalarini
kiritishimiz mumkin.
Yuqorida tadqiq etilgan
xorijiy OTMlarda innovasion faoliyatni boshqarish tajribalarining O‘zbekiston
OTMlariga tadbiq etish mumkin bo‘lgan ijobiy va salbiy tomonlari tahliliga
asoslangan holda, xulosa qiladigan bo‘lsak,
bugungi kundagi yuqori raqobatbardosh va oliy malakali mutaxassislarni
tayyorlash sifati bunday oliy ta’lim xizmatini ko‘rsatishga tayyorlik darajasi
bilan bog‘liq bulib, bunday xizmatlarni ko‘rsatish davomidagi harakatlar
professor-o‘qituvchilar uchun me’yoriy odatga aylanishi, zarur holda mana
shunday faoliyatga tayyorlik ham butun oliy ta’lim tizimida ayni paytlarda
yuzaga kelgan tendensiyalarni hisobga olishi, pedagogik faoliyatni amalga
oshiruvchi professor-o‘qituvchilar tarkibi ish faoliyatining
nazariy-metodologik va metodik jihatlarini, oliy
ta’lim mazmuni va uning murakkabligini,
pedagogik faoliyatning jismoniy va psixik yuklamasini, shuningdek, oliy ta’lim
xizmatlarini ko‘rsatishning o‘ziga xos xususiyatlarini e’tiborga olishi lozim
bo‘ladi.